«Chirchiq» kimyo-industrial Texnopark rezidenti, o’z faoliyatini 2022 yil oktyabr oyida boshlagan termoelastoplastlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «VR-Plast TPE» MCHJ Qozog’istonga maxsulotning ilk partiyasini ya’ni 13,7 tonna plastik derazalar va alyumin romlar uchun zichlovchi maxsulotlarni eksport qildi.
2022 yil oxiriga qadar 500 tonna tayyor maxsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo’lib, ularning 100 tonnasi eksportga yo’naltirish mo’ljallanmoqda. Hozirda ishlab chiqarish hajmi kuniga 12-14 tonnani tashkil etmoqda.Yil yakuniga qadar eksport miqdori 200 ming AQSh dollariga yetkazish kutilmoqda.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 8 ming tonnani, tovar mahsulotlari esa 176 milliard so’mni tashkil etadi. Buning natijasida esa birgina mazkur korxona hisobidan mahalliy byudjetga yillik 25,5 mlrd so’mni tushishi ta’minlanadi.
«Mahsulotlarimizning asosiy iste’molchilari O’zbekiston kompaniyalari bo’lib, ishlab chiqargan mahsulotimizning 50% eksportga qo’shni Qozog’iston va Qirg’iziston davlatlariga rejalashtirilgan. Hozirga qadar ushbu mamlakatlar Qozon shahridagi bosh korxonamizdan mahsulot harid qilishardi. Bu yil ishlab chiqarishimizni O’zbekistonga joylashtirdik. Birinchi bosqichdagi ish o’rinlari soni 32 kishigacha bo’ladi. Biz ularni 60 taga oshirishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi «VR-Plast TPE» korxonasi direktori Aleksandr Polyakov.
«VR-Plast TPE» MCHJ polimer qistirmalari, shlanglar, yong’inga qarshi lenta, avtokomponentlar ishlab chiqarish uchun termoelastoplastlar, tibbiy buyumlar, iste’mol tovarlari, bolalar o’yinchoqlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Kompaniya «Chirchiq» Texnoparkining birinchi rezidentlaridan biridir.